Toshkent davlat tibbiyot universitetida xalqaro talabalar uchun tashkil etilgan maxsus “Anatomiya” kursi muvaffaqiyatli yakunlandi. 23-aprel sanasidan boshlangan ushbu ta’lim loyihasi davomida talabalar inson organizmining tuzilishi, anatomik tizimlari hamda ularning klinik ahamiyati bo‘yicha chuqur bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.
Mashg‘ulotlar Odam anatomiyasi va OXTA kafedrasi assistentlari Akbarova Mavluda hamda Pulatov Mirkomol tomonidan zamonaviy pedagogik yondashuvlar va interfaol metodlar asosida olib borildi. Kurs davomida talabalar nazariy bilimlarni amaliy mashg‘ulotlar bilan mustahkamlab, anatomik preparatlar va innovatsion ta’lim usullari yordamida fanni yanada chuqurroq o‘zlashtirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Kurs yakunida faol ishtirok etgan, yuqori natijalar ko‘rsatgan va o‘zining intilishlari bilan ajralib turgan iqtidorli talabalar sertifikatlar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Taqdirlash marosimi talabalar uchun unutilmas taassurotlar qoldirib, ularni kelgusidagi ilmiy va kasbiy faoliyatda yanada katta muvaffaqiyatlarga ilhomlantirdi.
Mazkur kurs xalqaro talabalarning anatomiya faniga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning fundamental tibbiy bilimlarini mustahkamlash hamda akademik salohiyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.


